Xalqaro Tog‘lar kuni va Xalqaro Qor Qoploni kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyoning ekologik barqarorligi bilan bog‘liq dolzarb masalalar keng muhokama qilindi.
Anjumanda tog‘ ekotizimlarini muhofaza qilish, suv resurslari barqarorligi, muzliklar qisqarishi hamda mintaqa bio xilma-xilligining ramzi sanalgan qor barsini asrash masalalari chuqur tahlil qilindi.
Xalqaro Nordik universiteti mezbonlik qilgan ushbu uchrashuvda Qirg‘iziston elchixonasi vakillari, Xalqaro Suv Resurslarini Boshqarish Instituti (IWMI) olimlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Qirg‘iziston tog‘lari, Ala-Too manzaralari, Issiqko‘l, noyob tog‘ florasi va faunasini aks ettiruvchi “Tog‘lar — umumiy merosimiz” nomli fotoko‘rgazma hamda videoroliklar namoyish etildi. Infografik materiallar va bukletlar orqali yoshlar hamda ishtirokchilarning ekologik xabardorligi oshirildi.
Ochilish marosimida Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov Qirg‘izistonning BMT doirasidagi xalqaro ekologik tashabbuslari — 2002-yilning Xalqaro tog‘lar yili deb e’lon qilinishi, 11-dekabr — Xalqaro Tog‘lar kuni, shuningdek, Bishkek global tog‘ sammiti tashabbuslari haqida atroflicha to‘xtaldi. U muzliklar erishi, suv resurslari xavfsizligi, qor barsi populyatsiyasini muhofaza qilishda Bishkek deklaratsiyasi va mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov tog‘larni nafaqat geografik hudud, balki butun Markaziy Osiyo hayotini belgilovchi strategik ekologik resurs sifatida e’tirof etdi. Universitet ekologik barqarorlikni ta’lim va ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishi sifatida ko‘rishini, bu boradagi xalqaro muloqot va hamkorlik muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, IWMI katta ilmiy xodimi, doktor Iskandar Abdullayev tomonidan “Tog‘lar, suv va ekotizim” mavzusida tahliliy ma’ruza taqdim etildi. Unda muzliklar qisqarishi, suv resurslariga tahdidlar, tog‘ hududlarining ekologik ahamiyati va Markaziy Osiyoda barqaror suv boshqaruvi masalalari ilmiy asosda yoritildi. Ma’ruza yakunida savol-javoblar va jonli munozara tashkil etildi.
Anjumanda Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov tog‘li ekotizimlarini muhofaza qilish va ularning barqaror rivojlanishiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishdagi faol ishtiroki va salmoqli hissasi, shuningdek, Xalqaro tog‘lar kuniga bag‘ishlangan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun rektor Sherzod Mustafakulovga Tashakkurnoma taqdim etdi.
Mazkur tadbir Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ekologik, ilmiy va madaniy-diplomatik hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlar orasida ekologik ongni yuksaltirish hamda Markaziy Osiyoning umumiy tabiiy merosini asrash borasidagi mas’uliyatni chuqur anglashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.













