Yangiliklar
"Navoiyshunoslar forumi-2026": Navoiy — maʼrifat, ilm va inson kamoloti timsoli

February 09 , 2026
839
8-fevral kuni Toshkent viloyatining so‘lim maskani — Green Hills Resort manzili yana bir bor ma’naviyat va tafakkur markaziga aylandi.
Buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan xalqaro miqyosdagi “Navoiyshunoslar forumi” yuqori saviyada tashkil etildi.
Xalqaro Nordik universiteti va UzReport TV tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimligi, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur nufuzli anjuman ilm ahli, adabiyotshunoslar, navoiyshunoslar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va madaniyat arboblarini bir maqsad – Navoiy merosini chuqur anglash va targ‘ib etish yo‘lida jamladi.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan ilmiy-badiiy davra suhbatida nafaqat yurtimiz olimlari, Avstriya, Belgiya, Koreya,Turkiya, Eron, Pokiston, Qirg‘iziston va boshqa Yevropa, Sharq, Osiyo mamlakatlari navoiyshunoslari o'z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Keng qamrovli ochiq fikr almashinuvi Navoiy merosini zamonaviy talqinda qayta o‘rganish imkonini berdi.
Forum nafaqat ilmiy uchrashuv, balki so‘z, tafakkur va ma’naviyat bayramiga aylandi. Unda Navoiy ijodining badiiy-estetik qudrati, turkiy til taraqqiyotidagi tarixiy o‘rni, ma’naviy-ma’rifiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, xalqaro navoiyshunoslik istiqbollari, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ma’murchilik islohotlaridagi o‘ziga xos jihatlari kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Mahalliy va xorijiy mutaxassislar Navoiyni mumtoz shoirgina emas, balki milliy tafakkur me’mori, ma’rifatparvar davlat arbobi va til siyosatining asoschisi sifatida e’tirof etib o‘tdilar.
Anjumanda qator ibratli takliflar ham ilgari surildi. Jamiyatda navoiyshunos olimlar imijini oshirish, jumladan akademik Aziz Qayumovning yuz yilligini munosib nishonlash, Navoiyga ixlosmandlikni xalq orasida keng yoyish takliflari ilgari surildi va Xalqaro Nordik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi famoat fondi rahbariyati tomonidan maʼqullandi.
Shuningdek, kelgusi navoiyshunoslar avlodini tayyorlash, eng noyob fondlardan Navoiy qo‘lyozmalari, munojot, maktub va vaqfiyalarini to‘plash va ularning fiksimil nashri — aslini o‘qish imkoniyatini kengaytirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, xorijiy olimlar uchun ilmiy transkripsiyasini yaratish hamda yig‘ma ilmiy nashrlar chop etish ishlarida birlashishga kelishildi.
Forumning rasmiy ochilishida Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Sultanbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyey, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktorining o‘rinbosari, professor, navoiyshunos olim Maqsud Asadov, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti adabiyotshunos olimi Nurboy Jabborov, Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sherzod Mustafakulov, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi direktori Olimjon Davlatov, shuningdek, turkiyalik olim Kemal Yavuz Ataman va boshqa xorijiy mehmon-tadqiqotchilarning ma’ruzalari tinglandi.
Ular Navoiy merosining jahon adabiyoti xazinasidagi o‘rni, turkiy so‘zning qudratini dunyoga tanitishdagi xizmatlari hamda komil inson tarbiyasidagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Bahor butun dunyoda mart oyida boshlansa Hazrat Navoiy bobomiz tavalludi munosabati bilan O‘zbekistonda 9-fevralda boshlanishi, bu oy chin maʼnoda maʼnaviy poklanish oyi ekanligi eʼtirof etib o‘tildi.
Ilm va san’at uyg‘unligi forumning eng yorqin jihati bo‘ldi. Forumda ma’ruzalar bilan birga Navoiyning sara g‘azallari o‘qildi va sharhlandi. Dostonlari badiiy tahlil etildi.
Badiiy kechada taniqli xonanda va el suygan san’atkorlar tomonidan Navoiy g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, mehmonlarga unutilmas zavq ulashdi. Navoiy so‘zlari ohang, sahna va qalblarda yashayotgani yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Navoiy merosi bugun nafaqat milliy, balki umuminsoniy qadriyat sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda. “Navoiyshunoslar forumi”da Hazrat Navoiy bugunimiz va kelajagimiz bunyodkori ham ekanligi, uning hikmatlari va saboqlari hamon millatlarni birlashtirib, qalblarni tarbiyalashi, yoshlarni yuksak maqsadlarga chorlab turishi o‘z isbotini topdi.
Forum yakunida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, tarjimalar va akademik almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar ilgari surildi. Bu forum Navoiy poydevor qo‘ygan so‘z saltanatining bugungi avlod qalbidagi yangilangan sadosi bo‘ldi.

















So'nggi yangiliklar

Tabassum, gullar va samimiy ehtirom: Nordikda 8-mart tantanasi
Nordik xotin-qizlari erkaklar tomonidan bayramona kayfiyatda gullar, samimiy tilaklar va iliq eʼtibor bilan tantanali kutib olindilar. Ular uchun maxsus tayyorlangan yo‘lakdan tabriklar, tilaklar qurshovida o‘tish jarayoni chinakam bayram ruhini yaratdi — har bir qadam tabriklar, gul ifori va quvonchli tabassumlar bilan bezandi.
Yo‘lak to‘rida esa ayollarni bayramona fotozona qarshi oldi. Bu yerda ular hayajon, quvonch va samimiy kulgular bilan o‘z ismlari bitilgan doska oldida esdalik suratlariga tushdilar.
Bayram dasturi yanada rang-barang va mazmunli kechdi. Tadbir mehmoni sifatida taniqli xonanda, hajviy ko‘rsatuvlar muallifi va shoumen Zokir Ochildiyev davraga o‘zgacha kayfiyat olib kirdi. Uning quvnoq chiqishlari, latifalari va sahna hazillari zalni kulguga to‘ldirib, tadbirga jo‘shqin va samimiy muhit bag‘ishladi.
Shuningdek, mehmon sanʼatkorlarning ijrolari, kuy-qo‘shiqlari davraga yanada yuqori kayfiyat va bayram shukuhi olib kirdi.
Tadbir davomida universitet rektori hamda jamoa erkak ustozlari ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtiromlarini nutqlar, samimiy tabriklar, dilbar sheʼrlar, maxsus tayyorlangan premyera qo‘shiq va videoklip orqali izhor etdilar. Bayram yakunida esa ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kun Nordik xotin-qizlari uchun alohida ehtirom va qadrlash ramziga aylangan. Bayram davomida ular doimgidan ham yuksak hurmat, mehr, quvonch va xushnudlik og‘ushida bo‘ldilar. Zal esa kulgi, qarsaklar va shodon kayfiyatga to‘lib, davra fayzi yanada ortib bordi.
Shu tariqa Nordikda yana bir yorqin, samimiy va esda qolarli kun tarix sahifasiga muhrlandi.
Tabassumlar, quvonchlar va baxtiyor lahzalar bilan to‘la bu go‘zal damlar esa esdalik suratlariga ham muhrlandi.

“Zebo” loyihasida bahs qizidi!
Munozarada ishtirokchilar ikki jamoaga bo‘linib, sun’iy intellektning turli qirralarini asosli dalillar bilan himoya qildilar. Bir jamoa SI tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ishsizlik, axborot xavfsizligi muammolari va inson omilining kamayishi kabi fikrlarni ilgari surdilar. Ikkinchi jamoa esa sun’iy intellektning ilm-fan, innovatsiya va mutlaqo yangi kasblarni yaratishdagi ulkan imkoniyatlari haqida dalillar keltirdilar.
Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan munozarada qatnashchilar nafaqat bilim, balki mantiqiy fikrlash, tezkor tahlil va notiqlik mahoratini ham namoyon etdilar.
O‘zining aniq dalillari va ishonchli nutqi bilan Muborak G‘ayratova “Eng yaxshi spiker” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
💬 Sizningcha-chi?
Sun’iy intellekt insoniyat uchun eng katta imkoniyatmi yoki yangi xavflar boshlanishimi?
Izohlarda fikringizni yozing — bahsni birga davom ettiramiz!

AI — ustoz va talabalarning aqlli yordamchisiga aylanmoqda
Trening davomida ishtirokchilar generativ sun’iy intellekt qanday ishlashi, AI yordamida referat, loyiha va taqdimotlarni tez, tizimli va sifatli tayyorlash usullari bilan tanishdilar.
Shuningdek, professional darajadagi prompt yozish sirlari — ya’ni AI’dan aniq va samarali natija olishning muhim qoidalari amaliy misollar orqali ko‘rsatib berildi.
Mashg‘ulotda akademik halollikni saqlagan holda AI’dan foydalanish tamoyillari ham alohida muhokama qilindi. Turli vazifalar uchun qaysi AI vositasi eng samarali ekani real misollar asosida tahlil qilindi.
Natijada talabalar izlanish, tahlil qilish va ilm olish jarayonini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarni egalladilar.

Yangi hamkorlik: xalqaro tajribalar — milliy taraqqiyot uchun
Uchrashuv davomida davlat boshqaruvi, ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Muzokaralarda AQSh va Shimoliy Yevropa, xususan Finlandiyaning samarali davlat boshqaruvi va kasbiy ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalarini mahalliy sharoitga moslashtirish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Finlandiyaning yetakchi ta’lim markazlari va davlat organlarida qisqa muddatli malaka oshirish dasturlari va stajirovkalar tashkil etish, sanoat korxonalari uchun maqsadli malakali kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish xususida so‘z bordi.
Muzokaralar davomida istiqbolli hamkorlikni boshlab beruvchi O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Endilikda hamkorlik doirasida “yashil” va “aqlli” boshqaruv tamoyillariga asoslangan yangi tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, hamkorlikda yoshlar salohiyatini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni amalga oshirish, hududlarning barqaror rivoji uchun xalqaro grant va investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini kengaytirishga kelishildi.