Yangiliklar
“O‘zbekiston–2030 strategiyasi: amalga oshirilayotgan islohotlar tahlili, muammolar va yechimlar”

November 19 , 2025
302
Xalqaro Nordik universitetida ushbu mavzuda mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur anjumanda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ekologiya, tashqi siyosat, raqamli transformatsiya, turizm va jamiyat rivoji kabi ustuvor sohalardagi islohotlarni ilmiy jamoatchilik ishtirokida tahlil qilish, ularning amaliy natijalarini muhokama etish hamda istiqboldagi vazifalarni belgilashga asosiy e’tibor qaratildi.
Konferensiya ochilishida Nordik universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafakulov O‘zbekiston–2030 strategiyasini mamlakatning yangi avlodi uchun mo‘ljallangan kompleks modernizatsiya dasturi sifatida baholab, uni amalga oshirishda ilmiy hamjamiyatning o‘rni tobora ortib borayotganini e’tirof etib o‘tdi. Innovasion yondashuvlar, ilmiy tahlillar va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish strategiya samaradorligini belgilovchi asosiy omillar ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi a’zosi Navruzbek Yusupov va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ moliya departamenti boshlig‘i (PhD) Jasurbek Qodirov o‘z ma’ruzalarini taqdim etdilar. Qonunchilik islohotlari, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash va strategik vazifalarni qonuniy asosda qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhit muhofazasi va hisob siyosatini takomillashtirish masalalaridagi ilmiy mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Konferensiyada turli sohalar yetakchi ekspertlari O‘zbekiston–2030 strategiyasida belgilangan vazifalar bo‘yicha chuqur tahliliy ma’ruzalar taqdim etdilar. Xususan, ekologik barqarorlik va yashil taraqqiyot – atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlik bo‘yicha strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari yoritildi. Davlat-xususiy sherikchiligining yangi modeli bo‘yicha amaliy takliflar taqdim qilindi. Oziq-ovqat xavfsizligi, xalqaro standartlarga mos, barqaror ishlab chiqarish va ta’minot tizimini shakllantirish bo‘yicha ilmiy xulosalar berildi.
Shuningdek, tashqi siyosat samaradorligi mintaqaviy hamkorlik, investitsion diplomatiya va global maydondagi faol tashqi siyosat natijalari keng muhokama qilindi. Yashil iqtisodiyotga o‘tish, iqtisodiy o‘sishning ekologik xavfsiz modelini shakllantirish bo‘yicha dolzarb ilmiy tahlillar taqdim etildi. Ma’ruzachilar davlat boshqaruvini raqamlashtirishda kosmik ma’lumotlarning qo‘llanilishi va uning istiqbollari xususida ham ilmiy izlanishlari samaralari bilan bo‘lishdilar.
Konferensiyaning shoʻba yig‘ilishlari qizg‘in davom etdi. Iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy-huquqiy o‘zgarishlar, milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro integratsiya, yoshlar siyosati, ma’naviyat va madaniy meros, ekologik barqaror taraqqiyot, raqamli transformatsiya va ilg‘or boshqaruv tizimlari yo‘nalishlarida ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Islohotlarning jamiyatga ta’siri, mavjud muammolar, ularning sabablari hamda innovatsion yechimlar yuzasidan fikr almashildi. Tadqiqotchilar va amaliyotchi mutaxassislar tomonidan bir qator amaliy takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida sho‘ba yig‘ilishlarining asosiy xulosalari umumlashtirildi va O‘zbekiston–2030 strategiyasini ilmiy asosda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusi rejalar, vazifalar belgilab olindi.
Konferensiyaga jami 130 dan ortiq tezis va maqolalar kelib tushdi. 16 ta eng sara maqola Nordik elektron jurnalining maxsus soniga qabul qilindi, 100 ga yaqin maqola va tezis esa ASR platformasi va konferensiya to‘plamida chop etildi.









So'nggi yangiliklar

Tabassum, gullar va samimiy ehtirom: Nordikda 8-mart tantanasi
Nordik xotin-qizlari erkaklar tomonidan bayramona kayfiyatda gullar, samimiy tilaklar va iliq eʼtibor bilan tantanali kutib olindilar. Ular uchun maxsus tayyorlangan yo‘lakdan tabriklar, tilaklar qurshovida o‘tish jarayoni chinakam bayram ruhini yaratdi — har bir qadam tabriklar, gul ifori va quvonchli tabassumlar bilan bezandi.
Yo‘lak to‘rida esa ayollarni bayramona fotozona qarshi oldi. Bu yerda ular hayajon, quvonch va samimiy kulgular bilan o‘z ismlari bitilgan doska oldida esdalik suratlariga tushdilar.
Bayram dasturi yanada rang-barang va mazmunli kechdi. Tadbir mehmoni sifatida taniqli xonanda, hajviy ko‘rsatuvlar muallifi va shoumen Zokir Ochildiyev davraga o‘zgacha kayfiyat olib kirdi. Uning quvnoq chiqishlari, latifalari va sahna hazillari zalni kulguga to‘ldirib, tadbirga jo‘shqin va samimiy muhit bag‘ishladi.
Shuningdek, mehmon sanʼatkorlarning ijrolari, kuy-qo‘shiqlari davraga yanada yuqori kayfiyat va bayram shukuhi olib kirdi.
Tadbir davomida universitet rektori hamda jamoa erkak ustozlari ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtiromlarini nutqlar, samimiy tabriklar, dilbar sheʼrlar, maxsus tayyorlangan premyera qo‘shiq va videoklip orqali izhor etdilar. Bayram yakunida esa ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kun Nordik xotin-qizlari uchun alohida ehtirom va qadrlash ramziga aylangan. Bayram davomida ular doimgidan ham yuksak hurmat, mehr, quvonch va xushnudlik og‘ushida bo‘ldilar. Zal esa kulgi, qarsaklar va shodon kayfiyatga to‘lib, davra fayzi yanada ortib bordi.
Shu tariqa Nordikda yana bir yorqin, samimiy va esda qolarli kun tarix sahifasiga muhrlandi.
Tabassumlar, quvonchlar va baxtiyor lahzalar bilan to‘la bu go‘zal damlar esa esdalik suratlariga ham muhrlandi.

“Zebo” loyihasida bahs qizidi!
Munozarada ishtirokchilar ikki jamoaga bo‘linib, sun’iy intellektning turli qirralarini asosli dalillar bilan himoya qildilar. Bir jamoa SI tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ishsizlik, axborot xavfsizligi muammolari va inson omilining kamayishi kabi fikrlarni ilgari surdilar. Ikkinchi jamoa esa sun’iy intellektning ilm-fan, innovatsiya va mutlaqo yangi kasblarni yaratishdagi ulkan imkoniyatlari haqida dalillar keltirdilar.
Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan munozarada qatnashchilar nafaqat bilim, balki mantiqiy fikrlash, tezkor tahlil va notiqlik mahoratini ham namoyon etdilar.
O‘zining aniq dalillari va ishonchli nutqi bilan Muborak G‘ayratova “Eng yaxshi spiker” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
💬 Sizningcha-chi?
Sun’iy intellekt insoniyat uchun eng katta imkoniyatmi yoki yangi xavflar boshlanishimi?
Izohlarda fikringizni yozing — bahsni birga davom ettiramiz!

AI — ustoz va talabalarning aqlli yordamchisiga aylanmoqda
Trening davomida ishtirokchilar generativ sun’iy intellekt qanday ishlashi, AI yordamida referat, loyiha va taqdimotlarni tez, tizimli va sifatli tayyorlash usullari bilan tanishdilar.
Shuningdek, professional darajadagi prompt yozish sirlari — ya’ni AI’dan aniq va samarali natija olishning muhim qoidalari amaliy misollar orqali ko‘rsatib berildi.
Mashg‘ulotda akademik halollikni saqlagan holda AI’dan foydalanish tamoyillari ham alohida muhokama qilindi. Turli vazifalar uchun qaysi AI vositasi eng samarali ekani real misollar asosida tahlil qilindi.
Natijada talabalar izlanish, tahlil qilish va ilm olish jarayonini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarni egalladilar.

Yangi hamkorlik: xalqaro tajribalar — milliy taraqqiyot uchun
Uchrashuv davomida davlat boshqaruvi, ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Muzokaralarda AQSh va Shimoliy Yevropa, xususan Finlandiyaning samarali davlat boshqaruvi va kasbiy ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalarini mahalliy sharoitga moslashtirish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Finlandiyaning yetakchi ta’lim markazlari va davlat organlarida qisqa muddatli malaka oshirish dasturlari va stajirovkalar tashkil etish, sanoat korxonalari uchun maqsadli malakali kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish xususida so‘z bordi.
Muzokaralar davomida istiqbolli hamkorlikni boshlab beruvchi O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Endilikda hamkorlik doirasida “yashil” va “aqlli” boshqaruv tamoyillariga asoslangan yangi tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, hamkorlikda yoshlar salohiyatini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni amalga oshirish, hududlarning barqaror rivoji uchun xalqaro grant va investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini kengaytirishga kelishildi.