Yangiliklar
XNU Kengashining 12-son yig‘ilishi: 2025-yil sarhisobi va 2026-yil istiqbollari

December 27 , 2025
409
Kengash yig‘ilishida universitet ilmiy salohiyati, ta’lim jarayoni sifati va kelgusida rivojlanish istiqbollarini belgilovchi muhim masalalar muhokama qilindi.
Dastlab “Universitetda 2025-yil davomida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari sarhisobi hamda 2026-yil rejasini tasdiqlash” masalasi yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi. Ilmiy faoliyat samaradorligi, nashrlar va tadqiqotlar sifati, muhim ilmiy yo‘nalishlar natijalari tahlil qilindi. 2026-yil uchun maqsadlar va natijadorlik ko‘rsatkichlari belgilab olindi.
Kengashda ta’lim jarayonini tartibga soluvchi qator muhim hujjatlar — tartib-qoidalar, "Yo‘l xarita" va yo‘riqnomalar qayta ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.
Jumladan, sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha qabul qilingan yo‘riqnomada ta’lim va ilmiy tadqiqotlarda zamonaviy texnologiyalardan mas’uliyatli, shaffof va samarali foydalanish tartib-qoidalari belgilandi.
Yig‘ilishda turli masalalar doirasida professor ilmiy unvonini olish uchun hujjatlar taqdim etish, talabalar va xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan anketa-so‘rovnoma natijalari: muammolar banki, takliflar va xulosalar, professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan o‘quv adabiyotlarini nashrga tavsiya etish kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Kengash yig‘ilishida universitetda ilmiy boshqaruv, akademik sifat va innovatsion yondashuvlar uyg‘unligini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim qarorlar qabul qilindi. 2026-yilda ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga yo‘naltirilgan vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda yil davomida ilmiy yutuqlar, eʼtiroflarga sazovor bo‘lgan ustozlarga samimiy ehtirom ko‘rsatilib, muvaffaqiyatlari bilan qutlandi.









So'nggi yangiliklar

Tabassum, gullar va samimiy ehtirom: Nordikda 8-mart tantanasi
Nordik xotin-qizlari erkaklar tomonidan bayramona kayfiyatda gullar, samimiy tilaklar va iliq eʼtibor bilan tantanali kutib olindilar. Ular uchun maxsus tayyorlangan yo‘lakdan tabriklar, tilaklar qurshovida o‘tish jarayoni chinakam bayram ruhini yaratdi — har bir qadam tabriklar, gul ifori va quvonchli tabassumlar bilan bezandi.
Yo‘lak to‘rida esa ayollarni bayramona fotozona qarshi oldi. Bu yerda ular hayajon, quvonch va samimiy kulgular bilan o‘z ismlari bitilgan doska oldida esdalik suratlariga tushdilar.
Bayram dasturi yanada rang-barang va mazmunli kechdi. Tadbir mehmoni sifatida taniqli xonanda, hajviy ko‘rsatuvlar muallifi va shoumen Zokir Ochildiyev davraga o‘zgacha kayfiyat olib kirdi. Uning quvnoq chiqishlari, latifalari va sahna hazillari zalni kulguga to‘ldirib, tadbirga jo‘shqin va samimiy muhit bag‘ishladi.
Shuningdek, mehmon sanʼatkorlarning ijrolari, kuy-qo‘shiqlari davraga yanada yuqori kayfiyat va bayram shukuhi olib kirdi.
Tadbir davomida universitet rektori hamda jamoa erkak ustozlari ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtiromlarini nutqlar, samimiy tabriklar, dilbar sheʼrlar, maxsus tayyorlangan premyera qo‘shiq va videoklip orqali izhor etdilar. Bayram yakunida esa ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kun Nordik xotin-qizlari uchun alohida ehtirom va qadrlash ramziga aylangan. Bayram davomida ular doimgidan ham yuksak hurmat, mehr, quvonch va xushnudlik og‘ushida bo‘ldilar. Zal esa kulgi, qarsaklar va shodon kayfiyatga to‘lib, davra fayzi yanada ortib bordi.
Shu tariqa Nordikda yana bir yorqin, samimiy va esda qolarli kun tarix sahifasiga muhrlandi.
Tabassumlar, quvonchlar va baxtiyor lahzalar bilan to‘la bu go‘zal damlar esa esdalik suratlariga ham muhrlandi.

“Zebo” loyihasida bahs qizidi!
Munozarada ishtirokchilar ikki jamoaga bo‘linib, sun’iy intellektning turli qirralarini asosli dalillar bilan himoya qildilar. Bir jamoa SI tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ishsizlik, axborot xavfsizligi muammolari va inson omilining kamayishi kabi fikrlarni ilgari surdilar. Ikkinchi jamoa esa sun’iy intellektning ilm-fan, innovatsiya va mutlaqo yangi kasblarni yaratishdagi ulkan imkoniyatlari haqida dalillar keltirdilar.
Qizg‘in bahslarga boy o‘tgan munozarada qatnashchilar nafaqat bilim, balki mantiqiy fikrlash, tezkor tahlil va notiqlik mahoratini ham namoyon etdilar.
O‘zining aniq dalillari va ishonchli nutqi bilan Muborak G‘ayratova “Eng yaxshi spiker” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
💬 Sizningcha-chi?
Sun’iy intellekt insoniyat uchun eng katta imkoniyatmi yoki yangi xavflar boshlanishimi?
Izohlarda fikringizni yozing — bahsni birga davom ettiramiz!

AI — ustoz va talabalarning aqlli yordamchisiga aylanmoqda
Trening davomida ishtirokchilar generativ sun’iy intellekt qanday ishlashi, AI yordamida referat, loyiha va taqdimotlarni tez, tizimli va sifatli tayyorlash usullari bilan tanishdilar.
Shuningdek, professional darajadagi prompt yozish sirlari — ya’ni AI’dan aniq va samarali natija olishning muhim qoidalari amaliy misollar orqali ko‘rsatib berildi.
Mashg‘ulotda akademik halollikni saqlagan holda AI’dan foydalanish tamoyillari ham alohida muhokama qilindi. Turli vazifalar uchun qaysi AI vositasi eng samarali ekani real misollar asosida tahlil qilindi.
Natijada talabalar izlanish, tahlil qilish va ilm olish jarayonini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarni egalladilar.

Yangi hamkorlik: xalqaro tajribalar — milliy taraqqiyot uchun
Uchrashuv davomida davlat boshqaruvi, ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Muzokaralarda AQSh va Shimoliy Yevropa, xususan Finlandiyaning samarali davlat boshqaruvi va kasbiy ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalarini mahalliy sharoitga moslashtirish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Finlandiyaning yetakchi ta’lim markazlari va davlat organlarida qisqa muddatli malaka oshirish dasturlari va stajirovkalar tashkil etish, sanoat korxonalari uchun maqsadli malakali kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish xususida so‘z bordi.
Muzokaralar davomida istiqbolli hamkorlikni boshlab beruvchi O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Endilikda hamkorlik doirasida “yashil” va “aqlli” boshqaruv tamoyillariga asoslangan yangi tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, hamkorlikda yoshlar salohiyatini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni amalga oshirish, hududlarning barqaror rivoji uchun xalqaro grant va investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini kengaytirishga kelishildi.