Ushbu tashabbusning bosh maqsadi — bitiruvchi-yoshlarga oliy ta’limning ahamiyatini kengroq yetkazish, ularni ongli kasb tanlashga yo‘naltirish va zamonaviy ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishdir.
Uchrashuvlar doirasida maktab o‘quvchilari bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilib, ta’lim tizimidagi so‘nggi islohotlar, zamonaviy o‘quv jarayonlari va mehnat bozorida raqobatbardosh kadr bo‘lish yo‘llari taqdimotlar, buklet, videolavhalar va hayotiy misollar asosida tushuntirilmoqda.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida 30-maktabda o‘tkazilgan uchrashuvda bitiruvchilar bilan oliy ta’limning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni, bugungi kunda o‘qish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ochiq suhbat olib borildi.
O‘quvchilar Xalqaro Nordik universiteti misolida mavjud istiqbolli taʼlim yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik dasturlari va akademik muhitga oid batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishmoqda.
Shu kabi ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 1-maktab, Namangan viloyatidagi 12-maktab, Buxoro viloyatidagi 2-, 21-, 28- va 31-maktablar, Andijon viloyatidagi 6-maktab hamda 51-DIMI, Xorazm viloyatidagi 12-maktab, Samarqand viloyatidagi 30, 81, 128-maktablar, Farg‘ona viloyatidagi 22-maktab va Qashqadaryo viloyatidagi 42, 43, 47-umumtaʼlim maktablari, Google school o‘quv markazlarida ham tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvlar nafaqat targ‘ibot, balki ijtimoiy-ma’rifiy muloqot maydoni sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish, shaxsiy rivojlanishlari uchun aniq yo‘nalishlar belgilab olish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Nordikning bu tashabbusi ta’lim va katta hayotga kirib kelayotgan yoshlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlovchi, bitiruvchilar ongida bilimga, oliy taʼlim olishga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiruvchi muhim jarayon bo‘lmoqda.
Barcha hududlarda yoshlar bilan uchrashuvlar davom etmoqda.










