Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori Alisher Abdullayev professor-o‘qituvchilarga oliy taʼlimni tubdan o‘zgartirayotgan global tendensiyalar, amaliy yechimlar va strategik yondashuvlar bo‘yicha yangi ilm va tajribalarini yetkazdi.
Iqtiboslar: “Sunʼiy intellekt inson kabi o‘rganadi, tahlil qiladi, qaror qabul qiladi va o‘zini rivojlantiradi. Bugun u yordamchi bo‘lsa, ertaga taʼlimning strategik hamkori bo‘ladi.
* Universitetlar endi zavod emas, innovatsiya markazlari.
* Kelajak universitetlari bilim + shaxsiylashtirish, individuallashtirish + global integratsiya tamoyiliga asoslanadi.
* Endi har bir talaba bilan individual ishlash imkoniyatga aylanadi.
* Zamonaviy universitet laboratoriyalarida GPU serverlar bo‘lishi shart. Chunki sunʼiy intellekt infratuzilmasiz rivojlanmaydi.
* Sunʼiy intellekt maqola yozishda yordamchi bo‘lishi mumkin, ammo u tadqiqotchining o‘rnini bosa olmaydi.
* Universitetlar endi texnologiyani quvib yetuvchi emas, balki uni yaratuvchi va boshqaruvchi markazlarga aylanishi kerak."
Seminarda zamonaviy universitetlar modeli keng tahlil qilinib, universitet 4.0 va 5.0 konsepsiyalari sari harakatlanish zarurligi taʼkidlandi.
AI texnologiyalari orqali:
➖ talabalar bilim darajasi tahlil qilinadi
➖ o‘quv trayektoriyasi shaxsiylashtiriladi
➖ vaqt va resurslardan samarali foydalanish taʼminlanadi.
Sunʼiy intellekt — talaba, o‘qituvchi va universitet uchun yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Spiker taʼlim jarayonlarida AIʼning amaliy qo‘llanilishiga alohida to‘xtaldi. Jumladan: insholarni tahlil qilish va baholash, test va topshiriqlarni avtomatik yaratish, GPA va akademik faollikni chuqur tahlil qilish, AI-proktoring orqali imtihonlarni nazorat qilish imkoniyatlarini yetkazdi.
Ilmiy tadqiqotlar va AI — imkoniyat va masʼuliyat demak. Seminarda ilmiy faoliyatda sunʼiy intellektdan foydalanishning imkoniyatlari bilan birga xavflari ham atroflicha tahlil qilindi:
➖ noto‘g‘ri xulosalar
➖ kontekstni noto‘g‘ri talqin qilish
➖ iqtibos va mualliflik bilan bog‘liq noto‘g‘ri maʼlumotlar
➖ original tadqiqot sifatining pasayishi.
Shuningdek, DOI tizimi, ilmiy etiketga rioya qilish, yirtqich (predatory) jurnallardan saqlanish masalalari dolzarb ilmiy muammo sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda oliy taʼlimning maʼmuriy, o‘quv va moliyaviy jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, 207 ta OTM, 1,7 mln. talaba, 45 ming nafar professor-o‘qituvchi, 30 ta muhim axborot tizimiga, 40 ta elektron xizmatlar yagona platformaga integratsiyalangan.
HEMIS AI orqali talabalarga individual o‘quv va karʼyera tavsiyalari beriladi, AI mock intervyular o‘tkaziladi, rezume va vakansiyalar moslashtiriladi, bitiruvchilarning bandligi monitoring qilinadi.
Seminarda oliy taʼlimda sunʼiy intellekt bu kelajak emas, bugunning vositasi ekanini yana bir bor taʼkidlandi. Asosiy vazifa esa texnologiyadan oqilona, masʼuliyatli va ilmiy etikaga asoslangan holda foydalanishdir.
Seminar yakunida professor-o‘qituvchilarning taklif-mulohazalari tinglandi, savollariga javoblar berildi.













