Yangiliklar
Sergey Stanovkindan master-klass: mamlakat brendini yaratishda OAVning o‘rni

February 24 , 2025
1245
Xalqaro Nordik universiteti “Uzreport jurnalistika, media va kommunikatsiyalar akademiyasi”ga BBCning Yevrosiyo bo‘yicha tijorat vakillari boshlig‘i, "European News Academy" va "Dars consulting" direktori Sergey Stanovkin tashrif buyurdi.
BBC tahririyatining tajribali vakili bilan Jurnalistika yo‘nalishi va mutaxassisligi talabalarining uchrashuvi tashkillandi. Talabalar bilan muloqotda Sergey Stanovkin xalqaro OAV va kommunikatsiyalar sohasidagi tajribalari, tijoriy televizion dasturlarni boshqarish mahorati, global hamkorliklarning innovatsion imkoniyatlarini targ‘ib etish bo‘yicha ko‘nikmalarini yetkazdi.
Maʼruzachi stereotiplar masalasiga to‘xtalib, ularni o‘rganish va shakllantirish juda muhimligini eʼtirof etdi. Stereotiplar bilan kurashish qiyinligi, ammo ko‘pincha ulardan foydalanish mumkinligini qayd etib o‘tdi.
Uchrashuvda talabalarga qator OAVlarning brend yaxlitligi va nufuzi darajalari bo‘yicha ham tadqiqiy maʼlumotlar taqdim etildi. Ishonchlilik va obro‘ darajalari, ularning jamoatchilik orasida qabul qilinishi diagrammalar asosida sharhlab berildi.
"Davlat kommunikatsiyalari, xususan mamlakat brendi va investitsiyalarni targ‘ib qilish sohasida xodimlarning shaxsiy malakasi muvaffaqiyat omili hisoblanadi. Bu shunchaki axborotni ishlab chiqish va tarqatish emas, balki strategik kommunikatsiyalar sanʼatini egallash va umumiy brend maqsadlariga muvofiq harakat qilishni anglatadi.
Jurnalistning intervyu jarayonida shaxsiy muloqot ko‘nikmalari, qiyin savollardan qochish qobiliyati ham davlatning PR faoliyatiga bevosita taʼsir ko‘rsatadi. Intervyu jarayonida faqatgina axborotni chuqur tahlil qilish emas, balki materialni ijodiy taqdim etish ham muhim.
Axborot muhitini to‘g‘ri baholash, OAV platformalarini to‘g‘ri tanlash va ulardan unumli foydalanish, tezkor tahlil qilish, tekshirish va eng samarali formatda yetkazish qobiliyati muhimdir.
Soxta yangiliklar mamlakat imidjiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan zamonda jurnalistning axborotni tez va aniq tekshirish, tasdiqlash va yolg‘on maʼlumotlarga qarshi kurashish qobiliyati juda muhimdir", dedi Sergey Stanovkin.
Muloqotda OAV platformalarini tahlil qilish, ularning miqdoriy va sifat jihatlarini hisobga olish muhimligi ham taʼkidlandi. Media strategiyasida muvaffaqiyat moddiy va nomoddiy omillarning uyg‘unligiga bog‘liqligi, OAV manbasining ishonchliligi ko‘pincha xabardagi yangilikdan ham ko‘proq ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, tomoshabinlarning turli brendlar, masalan BBC World News, Bloomberg, CNBC, CNNni tomosha qilishi va qanday qabul qilayotgani turli indikatorlar asosida tahlil qilindi. Jumladan, ishonchli, taʼsirli, rag‘batlantiruvchi, doim birinchi xabardor qiluvchi, majburiy ko‘riluvchi kabi indikatorlarda har bir brendning qadriyatlari aks etishi maʼlum qilindi.
Muloqot davomida maʼruzachi turli mamlakatlarning kelajak brendlarini yaratishda ahamiyatli jihatlar bo‘yicha ham tajribalari bilan bo‘lishdi. Norvegiya, Germaniya kabi qator davlatlarning o‘ziga xosligi ochib berilgan videomateriallar namoyish etildi.
Mamlakat brendining global ijtimoiy media muloqotlarida tilga olinishi, ilg‘or texnologiyalari, merosi va madaniyati, turmush darajasi, qaysi sohalarda eng tajribali ekanligi, tabiiy go‘zalligi, ekologik standartlarga muvofiqligi borasidagi aniq, tahliliy maʼlumotlardan foydalanish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tildi.
Britaniyaning DARS FILMS studiyasi tomonidan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi buyurtmasi asosida tayyorlangan 90 soniyali mini-filmdan ayrim lavhalar namoyish etildi. Film asosida zamonaviy Qozog‘istonning rivojlanish tarixi, raqobatdosh afzalliklari va yutuqlarini taqdim etish uslublariga nazar solindi. O‘tmish va hozirgi kun uyg‘unligi orqali mamlakatning dinamik rivojlanishi ochib berilib, mamlakat kelajak brendi ulkan rivojlanish salohiyatiga ega sifatida ko‘rsatildi.
Maʼruzada mamlakat imidji va brendini tanitishda jurnalistlar oldida turgan maqsad, vazifalar, yechimlar har jihatdan ochib berildi.
Master-klassda globalizatsiya va raqamli transformatsiya davrida audiovizual OAVning kelajagiga keng nazar tashlandi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javoblar oldilar.
BBCning televideniye, radio xizmatlari va veb-sayt kontentlari yaratishdagi mukammal tajribalari talabalar, jurnalistlar tayyorlovchi o‘qituvchilar uchun o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini o‘tashi va bu borada BBC Xalqaro Nordik universiteti “Uzreport jurnalistika, media va kommunikatsiyalar akademiyasi” bilan hamkorlikka tayyorligi maʼlum qilindi.
Universitet rahbariyati tomonidan Sergey Stanovkinga Xalqaro Nordik universiteti Faxriy professori unvoni topshirildi.
Nufuzli mehmon Nordik dil izhorlari kitobiga iliq fikrlarini yozib qoldirdi.




So'nggi yangiliklar

Federatsiya ➖ Nordik ➖ inklyuziv maktab hamkorligi: "Har bir yosh — imkoniyat egasi!"
Prezident tomonidan sport sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston shaxmat Federatsiyasi, 77-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamkorligida o‘quvchilar hamda Nordik universiteti talabalari ishtirokida shaxmat va shashka musobaqasi o‘tkazildi.
Bugungi ta’lim siyosatida inklyuzivlik zaruriy tamoyil. Shu maʼnoda, mazkur musobaqa orqali yoshlarning intellektual salohiyatini ochish, ularni ijtimoiy faollikka jalb etish hamda “har bir yosh — imkoniyat egasi” degan g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi vakillari hamda xalqaro grossmeysterlar ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot olib bordilar. Bu bilan esa ishtirokchilar uchun nafaqat musobaqa, balki xalqaro darajadagi ustozlar tajribasidan bevosita bahramand bo‘lish imkoniyati ham yaratildi.
Shuningdek, shaxmatga oid kitoblar taqdimoti o‘tkazilib, bilim almashildi. Eng sara qo‘llanmalar jamlanmasi yosh ishtirokchilarga sovg‘a qilindi.
🏆 Shaxmat musobaqasi g‘oliblari (talabalar):
🥇 Zafar Zoitjonov
🥈 Farangiz Abdumo‘minova
🥉 Aziz Azimov.
🔲 Shashka bo‘yicha g‘oliblar (maktab o‘quvchilari):
🥇 Shukrulloxon Salomov
🥈 Diyorbek Joniqulov
🥉 Oybek Rahimqulov.
Nordik universitetida tafakkurli avlodni tarbiyalash, yosh yetakchilarni shakllantirish va ta’limda haqiqiy teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etadi.

Ta’lim siyosatida yangi paradigma: sun’iy intellekt va til kompetensiyalari
Ushbu anjumanda zamonaviy ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlari — raqamlashtirish, innovatsion pedagogika va sun’iy intellekt integratsiyasi chuqur ilmiy muhokama qilindi.
Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tillarni mukammal egallash nafaqat kommunikativ ehtiyoj, balki iqtisodiy va ilmiy raqobatbardoshlikning muhim omiliga aylanmoqda. Konferensiyada ta’kidlanganidek, aynan sun’iy intellekt texnologiyalari orqali ushbu jarayonda tub burilish yasalib, ta’lim tizimi yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Anjumanda ta’lim siyosati nuqtayi nazaridan asosiy yo‘nalishlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi:
— raqamli transformatsiya va adaptiv o‘quv platformalari orqali individual ta’lim trayektoriyalarini shakllantirish;
— avtomatlashtirilgan tarjima tizimlari yordamida lingvistik modellar asosida tarjima sifatini oshirish;
— intellektual lingvistika orqali matnlarni semantik tahlil qilish va interpretatsiya jarayonlarini avtomatlashtirish.
Mazkur yo‘nalishlar ta’lim tizimida an’anaviy “bilimni uzatish” modelidan “bilimni boshqarish va ishlab chiqarish” modeliga o‘tish jarayonini yaqqol ifodalaydi.
Konferensiya doirasida sun’iy intellekt asosidagi innovatsion pedagogik yondashuvlar, AI texnologiyalarini ta’limga joriy etishning konseptual asoslari, badiiy matnlarni raqamli metodlar orqali tahlil qilish hamda tarjimashunoslikda AI’ning lingvistik va funksional imkoniyatlari keng yoritildi. Bu yo‘nalishlar amaliy jihatdan ta’lim sifatini oshirish, o‘qitish metodikasini modernizatsiya qilish va tarjima jarayonlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Anjuman xalqaro miqyosda o‘tkazilib, unda xorijiy davlatlar va respublikamiz oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda iqtidorli talabalar faol ishtirok etdilar. Ilmiy muloqotlar davomida ilg‘or g‘oyalar almashildi, akademik hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi.
Tadbir ishtirokchisi - AQSh Davlat departamenti ingliz tili bo‘yicha mutaxassisi, O‘zDJTU professori Giuseppe Chiaramonte o‘z taassurotlarini bildirib, sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga to‘g‘ri tatbiq etish, undan oqilona foydalanish va talabalarni to‘g‘ri yo‘naltirish bugungi kun o‘qituvchisining eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. U Markaziy Osiyo davlatlari tajribasini qiyoslab, O‘zbekistonda innovatsiyalarga ochiqlik, yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga joriy etish borasidagi ijobiy muhitni alohida e’tirof etdi. Uning “Inson agentligi, mashina ravonligi: til o‘qitish va tarjima uchun yangi savodxonlik” mavzusidagi kreativ ma'ruzasi katta qiziqish bilan tinglandi.

Buyuk merosga nazar: talabalar esse tanlovida
Uning bebaho merosi — "Temur tuzuklari" esa asrlar osha davlat boshqaruvi va insoniy qadriyatlar maktabi bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Ana shu buyuk merosni chuqur anglash, uni zamonaviy nigoh bilan talqin qilish maqsadida Nordikning kitobxon talabalari o‘rtasida esse tanlovi tashkil etildi.
Yoshlarimiz “Temur tuzuklari – adolat va davlat boshqaruvi maktabi” mavzusida qalam tebratar ekanlar, ular tarixga murojaat qilish barobarida bugunning muhim savollariga ham javob izladilar.
Bu tanlov yoshlar tafakkuri, tahliliy qarashi va o‘zlikni anglash yo‘lidagi o‘ziga xos yo‘l bo‘ldi.

Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik: Markaziy Osiyo yoshlari muzokara stolida
27-apreldan start olgan ushbu nufuzli tadbir Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan saralangan 25 nafar faol yoshlarni bir maydonga jamladi.
Mazkur loyiha doirasida ishtirokchilar diplomatik simulyatsiya orqali, ya’ni xalqaro muzokaralarga yaqinlashtirilgan interaktiv jarayonda o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazmoqda. Ular diplomat rolida chiqish qilib, global xavfsizlik masalalarida pozitsiya bildirishmoqda, rezolyutsiyalar ishlab chiqib, murosaga kelish yo‘llarini izlashmoqda. Bu jarayon yoshlarning nafaqat nazariy bilimini, balki tanqidiy fikrlash, muzokara olib borish, muloqot va qaror qabul qilish kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qilyapti.
Ayniqsa, BMTning “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi doirasidagi muhokamalar tadbirning dolzarbligini yanada oshirmoqda. Bu esa O‘zbekistonning yoshlar diplomatiyasi bo‘yicha faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etyapti.
Tadbir 5 kun davomida bosqichma-bosqich, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda olib borilmoqda.
“Model OSCE dasturida yoshlar uchun diplomatiya va muzokaralar bo‘yicha amaliy tajribalar beriladi, shu bilan birga xalqaro tashkilotlar faoliyatini chuqurroq anglashga yordam beriladi. Markaziy Osiyo bo‘ylab ishtirokchilarni birlashtirish orqali bu tashabbus mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi va umumiy xavfsizlik muammolarini hal etishda yoshlarning faolligini qo‘llab-quvvatlaydi,” — dedi O‘zbekistondagi OSCE loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen. "Besh kun davomida ishtirokchilar OSCE faoliyati bilan tanishadi, dolzarb xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi, qaror qabul qilishda yoshlarning rolini o‘rganadi hamda “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashining 2250-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish masalalarini tahlil qiladi."
Tadbirda amaliy o‘rganishga alohida urg‘u berilib, interaktiv mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilar asosiy mavzular bo‘yicha ko‘p tomonlama muzokaralar olib bormoqda. Gender tengligi, inklyuziv ishtirok va yoshlarning tinchlik hamda xavfsizlikdagi roliga alohida e’tibor qaratilyapti.